2021-yilning 16-17-noyabr kunlari O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Meksika davlat avtonom universiteti va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Universitetimizning ispan tili amaliy fanlar kafedrasi mudiri fil.f.d., dotsent Dilrabo Baxronova va Meksika davlat universiteti vakili, Jahon tillari fakulteti dekani fil.f.d., prof. Virna Velazkezlar anjumanni boshqardilar. Anjuman ochiq deb e’lon qilingandan so‘ng, meksikalik olima Estela Estrada mintaqaviy meksika taomlari haqida taqdimot qildi.
Taqdimotda tinglovchilarga Meksikaning eng mashhur taomlari va ularning turli mintaqalaridagi turlari: tlakoyos, tamala va chilakila kabi ko’plab ovqat turlari va ular haqidagi muhim ma’lumotlar taqdim etildi.
O‘zbek tili va adabiyoti universiteti Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash bo’limi boshlig’i, filologiya fanlari doktori Nodirbek Jo’raqo’ziev meksikalik olim va talabalarga turkiylarning tarixiy yodgorligi “Kultegin” toshbitigi matnlari bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, prototurkiy e’tiqodlar haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, Tangri (turkiy e’tiqodda oliy xudo) hamda Maya va Astek (Meksikaning tub aholisi) qabilalari xudolari o’rtasidagi o’xshashliklarga ham to’xtaldi. Anjumanning ikkinchi kunida lakunar birliklar, asarlarni ispan tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishda yuzaga kelayotgan muammolar muhokama qilindi, xorijiy tilni intensiv o’qitish bo’yicha dolzarb izlanishlar taqdim etildi.
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professori Zulxumor Xolmanova, dotsent Dilrabo Baxronova, doktorant Soliha Anorboyeva hamda Meksika tomonidan fil. f. d., prof. Alma Feradolarning qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.
16-va 17-noyabr kunlari bo’lib o’tgan anjumanda O‘zbekiston va Meksika ilm-fani va madaniyatiga qiziqqan 100ga yaqin tinglovchilar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Bizning talabalarimiz ham konferensiyada ispan tilini bevosita jonli tingladilar va o’zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etdilar.