O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) delegasiyasining Ispaniyaga tashrifi amalga oshirildi.
Tashrif doirasida Ispaniyaning Xaen universitetida tashkil etilgan “STAFF WEEK” seminar-treningda O‘zDJTU delegasiyasi a’zolari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Unda dunyoning yetakchi universitetlari rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
O‘zDJTU vakillari Xaen universiteti ta’lim jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Oliy bilim yurti rahbar xodimlari bilan tashkil etilgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollari, xususan, O‘zDJTU va Xaen universiteti o‘rtasida ilmiy-akademik almashuvni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma o‘quv loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, talabalarga doktoranturani onlayn o‘qish imkoniyatlarini yaratish mavzusi ham o‘rganildi. Ushbu xalqaro loyihani davom ettirish masalalari yuzasidan fikr almashilgani barobarida kelgusida ikki tomonlama hamkorlik shartnomalarini amalga oshirishga kelishildi.
Ma‘lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Xaen universiteti (Universidad de Jaén – UJA) 1993 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Ispaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Mazkur oliy ta’lim dargohi Ispaniyaning xalqaro miqyosda ham tan olingan eng nufuzli 30 ta universitetlaridan biridir.