Bugun kanalimizning mehmoni e’lon qilgan ERASMUS+ akademik almashinuv dasturi doirasida Serji Parij Universitetida 1 semestr davomida òqib kelish imkoniyatini qòlga kiritgan Abdurahmonova Hayitgul.
Hayitgul, O’zDJTU roman – german fakultetining 1 – kurs magistratura talabasi, hozir Fransiyaning Serji Parij universitetida tahsil olyapti.
1. O’zingiz haqingizda qisqacha ma’lumot bersangiz.
Men, Abdurahmonova Hayitgul, O’zDJTU lingvistika (fransuz tili) yo’nalishi 1-bosqich magistrantiman, hozirda esa Fransiyaning Serji Parij Universiteti (CY Cergy Paris Université) da Erasmus+ dasturining mobillik loyihasi asosida tahsil olmoqdaman. Yoshim 23 da.
2. Nega xorijda o’qishga qaror qildingiz?
Mening fikrimcha, xorijda ta’lim olish o’z mutaxassisligi bo’yicha sifatli ta’lim olish, boshqa xorijiy talabalar bilan tajriba almashish, dunyoqarashni kengaytirish, xorijiy tillarni yanada mukammal o’rganish kabi qator imkoniyatlarni ochadi. Yuqoridagi sabablarga qo’shimcha qilib shuni aytishim mumkinki, bundan ikki yil oldin birinchi marotaba Fransiyada bo’lganimda, ushbu davlatning dunyoga mashhur boy madaniyati, san’ati, fransuz xalqining oliyjanobligi kabilarga guvoh bo’lganligim bu yerda ta’lim olishga ishtiyoqimni yanada oshirgan.
3. Siz o’qiyotgan davlatda òqishga kirish osonmi? O’qishga kirish talablari qanaqa?
Fransiyagd o’qishga kirish unchalik ham oson deb ayta olmayman, bu albatta siz tanlagan oliy o’quv yurtining talablariga, hujjat topshiruvchilar sonidagi raqobat darajasi kabilarga ham bog’liq. O’qishga kirishda hujjatlaringizning to’liq va mukammal tayyorlanganligi, baholaringiz, til bilish darajangiz va boshqalar hisobga olinadi. Umumiy qilib olganda, bakalavr darajasiga o’qishga kirish uchun B2 darajadagi, magistratura uchun esa C1 darajadagi til bilish sertifikati talab qilinadi.
4. Siz o’qiyotgan programmaga nechta grant o’rni ajratilgan? Nima deb o’ylaysiz nimaga aynan sizni tanlashdi?
Bu dastur bo’yicha bizning universitetdan ikki nafar talaba kelganmiz. Ushbu imkoniyatni qo’lga kiritish uchun qo’yilgan talablardan biri 3-4 daqiqalik videorolik orqali, nima sababdan ushbu dasturga qatnashmoqchi ekanligingizni tushuntirasiz va shu bilan birga o’zingiz haqingizda ma’lumot berasiz. Menimcha, meni tanlashganligiga asosiy sabablar – fransuz tilini yaxshi bilishim, o’z mutaxassisligim bo’yicha a’lo baholarga ta’lim olishim, shuningdek motivatsion shakldagi video orqali o’z fikrlarimni yaxshi ifodalay olganligim, o’zimning kasbiy va shaxsiy sifatlarimni ko’rsata olganimda deb o’ylayman
5. Sizga o’xshab xorijda o’qimoqchi va grant qo’lga kiritmoqchi bo’lgan obunachilarimizga qanday maslahatlar bera olasiz?
Birinchi navbatda, men kabi yoshlarni o’zi qiziqqan va yaxshi ko’rgan sohani tanlashga va mana shu soha bo’yicha eng kuchli mutaxassislardan biri bo’lish uchun harakat qilishlariga, o’z ustida ishlashga undagan bo’lar edim. Ma’lum bir oliy o’quv yurti va yo’nalishni tanlagach esa, qo’yilgan talablar va kerakli hujjatlar bilan tanishib chiqish, ularni o’z vaqtida tayyorlab borish kerak bo’ladi. Va albatta, eng asosiy maslahatlarimdan biri chet tilini mukammal o’rganish, bunda qaysi davlatda ta’lim olmoqchi ekanligingizdan kelib chiqqan holda ma’lum bir til o’rganishni maslahat bergan bo’lardim.
6. CV va Motivatsion xatni yozishda nimalarga e’tibor berish kerak?
Bu ikki xat nomzod haqida ma’lumot beruvchi eng asosiy hujjatlar sanaladi, shunday ekan ularni tayyorlashda juda e’tiborli bo’lish kerak. Motivatsion xatda, faqatgina xorijda ta’lim olishingiz sizga nima berishini emas, balki siz ularga nima bera olishingiz, nima uchun sizning nomzodingizni tanlashlari kerakligini ochib bera olish kerak. CV da qanday tillarni bilishingiz, qo’shimcha qiziqish va qobiliyatlaringiz kabilar ham sizga ustunlik berishi mumkin.
Bog’lanish uchun:
Ofis telefon raqami: +998 71 230 1291
Telegram/WhatsApp raqamlari: +998 99 877 4847
Bizning E-mail: uzswlu.international.uz@gmail.com
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Telegram | Facebook | Instagram |
«Ushbu veb-sayt O’zDJTU talabalari tomonidan boshqariladi, shuning uchun biron bir xato topsangiz, bizga xabar bering»